Poytaxtda tibbiy chiqindilarni termik utilizatsiya qilish orqali muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi zamonaviy zavod ish boshladi. Ushbu loyihani amalga oshirish xavfli chiqindilar bilan ekologik xavfsiz ishlashni ta’minlash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va chiqindilar bilan ishlash sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Bugungi kunda korxonada kuniga 3 tonnaga yaqin tibbiy chiqindilar qabul qilinib, zararsizlantiriladi va utilizatsiya qilinadi. Shu bilan birga, zavodning loyihaviy quvvati kuniga 20 soat uzluksiz ishlash davomida 6 tonnagacha chiqindini qayta ishlash imkonini beradi.
Yuqori haroratli yoqish texnologiyasidan foydalanish nafaqat tibbiy chiqindilarni xavfsiz yo‘q qilishni, balki ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan issiqlik energiyasini olishni ham ta’minlaydi. Bunday yondashuv xalqaro ekologik standartlarga mos keladi va "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Yangi obyektning ishga tushirilishi O‘zbekistonda tibbiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, sanitariya-epidemiologik xavfsizlik darajasini oshirish va zamonaviy ekologik yechimlarni joriy etishda muhim qadamdir.

