Olmazor tumani 23-"Zarqaynar" saylov okrugi deputati Ismoil Sagdullayev "Shon-Shuhrat" mahallasi hududida qurilish chiqindilari to‘planib qolishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi. Qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng, katta hajmdagi qurilish chiqindilari uzoq vaqt davomida belgilangan tartibda olib chiqilmagan, natijada chiqindilar mahalla ko‘chalarining ayrim qismlarida to‘planib qolgan. Bu nafaqat hududning tashqi ko‘rinishini yomonlashtirdi, balki piyodalar va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun noqulayliklar va potensial xavf tug‘dirdi.
Aholi ushbu masala yuzasidan mahalla faollari va tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgan. Fuqarolar muammosiga befarq bo‘lmagan deputat Ismoil Sagdullayev voqea joyiga borib, aholi bilan uchrashib, vaziyatning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini atroflicha o‘rgandi. Deputat aholining murojaat va takliflarini inobatga olib, mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanib, zarur choralar ko‘rish tashabbusi bilan chiqdi. Natijada maxsus texnik vositalar va brigadalar jalb etilib, qurilish chiqindilari to‘liq olib chiqib ketildi va hudud tegishli sanitariya holatiga keltirildi.
