Sanitariya sohasi xodimlarining kasb nufuzini oshirish, ko‘p yillik halol mehnatini rag‘batlantirish va oilalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Tabiat uyg‘unligi himoyachisi" ko‘rik-tanlovining navbatdagi bosqichi e’lon qilindi. Tanlovda uzoq yillar davomida aholi punktlarining tozaligini ta’minlash, atrof-muhitni asrash va jamiyatning ekologik madaniyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan sanitariya xizmati xodimlari ishtirok etishlari mumkin. Tanlovning navbatdagi bosqichi 2025-yil 1-sentyabrda boshlanadi va natijalari 8-dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunda e’lon qilinadi.
Tanlov g‘oliblari uchun alohida qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan. Xususan, g‘oliblarning mamlakatimizdagi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nabiralarining kontrakt shakli to‘liq qoplab beriladi.Tanlov yurtimiz musaffoligi va obodligi yo‘lida har kuni jon kuydirayotgan mehnatkash insonlarga ehtirom ko‘rsatish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash va kelajak avlodlar uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratish maqsadini ko‘zlaydi. Toza atrof-muhit o‘zini jamiyat va tabiatga xizmat qilishga bag‘ishlagan insonlarning fidokorona mehnatidan boshlanadi.
