Tashrif davomida deputatlar ixtisoslashtirilgan texnikalarning texnik holati, ularning ishga tayyorlik darajasi, shuningdek, filialning kundalik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Bundan tashqari, ularga chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish tizimi, xizmat ko‘rsatiladigan hududlar, texnikalardan foydalanish samaradorligi va sanitariya holatini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Filial rahbariyati tomonidan deputatlarga tuman pasporti, aholi va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan asosiy xizmatlar, chiqindi yig‘ish maydonchalarini saqlash va modernizatsiya qilish ishlari, videokuzatuv tizimlarini joriy etish, shuningdek, ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi. Uchrashuv davomida chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Deputatlar korxona tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, bunday faoliyat ekologik barqarorlikni ta’minlash va shaharni toza saqlashda muhimligini ta’kidladilar.



