Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov yirik korporativ mijozlar bilan ishlash va xalqaro yo‘nalish bo‘yicha direktor, Britaniya eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi (UK Export Finance) Biznes guruhi hamraisi Edvard Prins bilan uchrashdi. Toshkent va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va ikki tomonlama hamkorlikni, ayniqsa, barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot va zamonaviy texnologiyalar sohalarida mustahkamlashga o‘zaro intilishi asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida tomonlar qurilish chiqindilarini qayta ishlash va poytaxtning utilizatsiya tizimiga ekologik texnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Ushbu muloqot aholini chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar bilan to‘liq ta’minlash, ularning sifatini xalqaro standartlarga yetkazish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, qayta ishlash darajasini oshirish, chiqindi poligonlarida chiqindi to‘planishining oldini olish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirish va sirkulyar iqtisodiyot doirasida "nol chiqindi" tamoyilini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.


