Ijtimoiy tarmoqlarda "Maxsustrans" xodimlari go‘yoki yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilmayotgani haqidagi da’volar aks etgan video tarqalmoqda. Videoda yuk tashuvchi harakatlanayotgan chiqindi mashinasidan yiqilib tushgani aks etgan.
Rasmiy ravishda ma’lum qilamizki, ushbu hodisaning "Maxsustrans ishlab chiqarish boshqarmasi" davlat korxonasiga hech qanday aloqasi yo‘q.
Videotasvirda aks etgan maxsus texnika Toshkent viloyati hududida faoliyat yuritayotgan "Zangiota-obodon" xususiy sanitariya korxonasiga tegishli bo‘lib, korxonamiz avtoparkiga tegishli emas.
✔️ "Maxsustrans ishlab chiqarish boshqarmasi" davlat korxonasi balansidagi barcha maxsus texnikalar zamonaviy monitoring markazi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Xususan, quyidagilar tizimli asosda nazorat qilinadi:
belgilangan tezlik rejimiga rioya qilish;
transport vositalarining tasdiqlangan yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanishi;
yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish;
xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish intizomi talablarining bajarilishi.
Qo‘shimcha ravishda shuni ma’lum qilamizki, korxona tizimida ishchilar, jumladan, yuk tashuvchilar uchun tegishli va xavfsiz mehnat sharoitlari ta’minlangan.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va kanallar administratorlaridan ma’lumotlarni tarqatishda faqat tekshirilgan va ishonchli manbalarga tayanishlarini, shuningdek, korxonaga aloqasi bo‘lmagan materiallarda uning nomini tilga olmasliklarini so‘raymiz.
