Bugungi kunda dunyoda chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanib bormoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda maishiy va sanoat chiqindilarining miqdori yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, XXI asrda maishiy chiqindilar hajmining ortib borishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi.
Qattiq maishiy chiqindilar - jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan organik va noorganik chiqindilar, shuningdek ularning hududlarida va obodonlashtirish obyektlarida tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘ladigan chiqindilar.
Suyuq maishiy chiqindilar - jismoniy shaxslarning hayot faoliyati va yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil böladigan chiqindilar.
Katta hajmli maishiy chiqindilar - jismoniy va ma’naviy eskirgan mebellar, maishiy texnika, orgtexnika (kompyuterlar, printerlar va shu kabilar), texnik jihozlar, avtotransport vositalarini almashtirish natijasida hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilar, shuningdek daraxtlar va butalarni kesish hamda ularga agrotexnik ishlov berishda hosil bo‘ladigan chiqindilar.
