Bugun Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi A.To‘ychiyev boshchiligidagi ishchi guruh "Maxsustrans ishlab chiqarish boshqarmasi" davlat unitar korxonasi faoliyatini o‘rgandi. O‘rganish davomida boshqarma bosh inspektori I.Sagdullayev ishtirokida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketishni tashkil etish, korxonaning mavjud infratuzilmasi, moddiy-texnik bazasi holati, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan sanitariya-tozalash xizmatlari sifati yuzasidan fikr almashildi. Xususan, ishchi guruh vakillari Yakkasaroy chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi hamda Sergeli tumanidagi №18 chiqindi maydonchasining joriy holati bilan tanishdi.
Obyektlarga tashrif doirasida ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish, chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish va olib chiqish, sanitariya va ekologiya talablariga rioya qilish, uskunalar va konteynerlarning texnik holati, shuningdek, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligi masalalari ko‘rib chiqildi. Korxonaning moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ixtisoslashtirilgan texnika va konteynerlar parkini bosqichma-bosqich yangilash, chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, nazorat va hisobga olishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish zarurligi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, muhokama davomida maishiy chiqindilarni olib chiqish tizimining iqtisodiy barqarorligi masalalari ko‘rib chiqildi. Xizmatlarning haqiqiy tannarxini, yonilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlar, mehnatga haq to‘lash, texnik xizmat ko‘rsatish va ixtisoslashtirilgan texnikadan foydalanish xarajatlarini, shuningdek, asosiy ishlab chiqarish resurslari narxlarining o‘zgarishini hisobga olgan holda amaldagi tariflarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tomonlar tizimdagi mavjud muammoli masalalar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildilar. Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish, korxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sanitariya-tozalash xizmatlari sifatini oshirish va sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan tegishli takliflarni tayyorlash va Oliy Majlis Senatiga kiritishga kelishib olindi.



