30-mart sanasi BMT tomonidan Xalqaro chiqindisiz dunyo kuni sifatida ta’sis etilgan. Bu kun chiqindilarni kamaytirish, mas’uliyatli iste’molni ommalashtirish va qayta ishlash madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. 2026-yilda ushbu sana doirasida global e’tibor aynan oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish masalasiga qaratiladi. Bu masala Toshkent shahri uchun ham o‘ta dolzarb bo‘lib, 2025-yilda poytaxtda jami 1,1 million tonna chiqindi yig‘ilgan. Shaharda kuniga 320 ta maxsus texnika yordamida 3 ming tonnaga yaqin chiqindi yig‘ilib, olib ketilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi chiqindilarni boshqarish masalasiga nafaqat kommunal xizmatlarning vazifasi, balki ekologiya, zamonaviy shahar boshqaruvi va fuqarolik madaniyatining muhim yo‘nalishi sifatida yondashmoqda. Shu maqsadda poytaxtda chiqindilarni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha "Toza Poytaxt" tizimi joriy etildi. Ushbu tizim har bir tuman bo‘yicha maxsus chiqindi tashish texnikalarining harakatini, ularga biriktirilgan hududlarni, davlat raqamlarini, shuningdek, chiqindi tashish kunlarini kuzatish imkonini beradi.
Bundan tashqari, xalqnazorati.uz platformasi orqali aholidan kelib tushayotgan murojaatlar qabul qilinib, bevosita mas’ullarga yuborilmoqda. Bu murojaatlarni ko‘rib chiqish sifatini oshirish, muammolarni bartaraf etish muddatlarini qisqartirish va tizim shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Qayta ishlash yo‘nalishida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, Yangihayot tumanidagi "Profpack" korxonasida har oyda 2,5 ming tonnaga yaqin qog‘oz chiqindilari qayta ishlanmoqda. Bundan tashqari, plastik chiqindilarni alohida yig‘ish va ularni qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan maxsus loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.
Nazorat va mas’uliyat masalasi ham doimiy e’tiborda. Xususan, o‘tgan 2025-yilda poytaxtda o‘tkazilgan reydlar davomida chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari uchun 2 milliard so‘mdan ortiq jarimalar qo‘llanilgan. Bugungi sana yana bir muhim haqiqatni yodga soladi: chiqindi muammosini faqat uni olib chiqib ketish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, 2026-yil global mavzusidan kelib chiqib, oziq-ovqat chiqindilariga yo‘l qo‘ymaslik, saralash madaniyatini yoyish, atrof-muhit tozaligiga mas’uliyat bilan yondashish, tizim xodimlari mehnatiga hurmat har birimizning kundalik odatimizga aylanishi kerak.
