O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqqa muvofiq, "Mahallalarda obodlik va mehr-saxovat oyligi" hamda "Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari doirasida poytaxtimizda mavjud sanitariya muammolari tizimli ravishda o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Xususan, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida fuqaro Nikita Lemeshenko Uchtepa tumani "Shirin" massivi (26-mavze) 8-uy yaqinida axlat va kesilgan shox-shabbalar to‘planib qolgani yuzasidan murojaat qilib, hududni tozalashda amaliy yordam so‘radi.
Mazkur murojaat "Maxsustrans" DUK mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan ko‘rib chiqildi. O‘rganish davomida "Uchtepa - Shirin" boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan yig‘ilgan supurindi va kesilgan shox-shabbalar ushbu hududga olib ketilgani aniqlandi. Shundan so‘ng hududni tozalash ishlari zudlik bilan tashkil etildi. 5 ta maxsus texnika yordamida 40-50 tonnaga yaqin chiqindi olib chiqilib, to‘liq bartaraf etildi va hududning sanitariya holati to‘liq tiklandi.
"Maxsustrans-ICHB" DUK fuqarolar murojaatlari ustidan doimiy ravishda nazoratni davom ettirmoqda va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda shahar hududining sanitariya holatini yaxshilash va ruxsat etilmagan chiqindixonalar hosil bo‘lishining oldini olish bo‘yicha ishlarni izchil olib bormoqda. Fuqarolarga faol fuqarolik pozitsiyasi, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi, chiqindilar bilan ishlash qoidalariga rioya qilishi va ruxsatsiz chiqindi to‘plashning oldini olishga ko‘maklashgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.



