O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlashni kengaytirish va maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga sohani yanada rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash samaradorligini oshirish va zamonaviy ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan investitsiya loyihalari taqdimot qilindi. 2026-2027-yillarda Xitoy kompaniyalari bilan 6 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy qiymati 933 mln dollarni tashkil etadi. Korxonalar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quriladi.
Korxonalar to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 3,6 million tonnaga yaqin maishiy chiqindilarni qayta ishlash va 1,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida umumiy qiymati 625 million dollarlik yana 5 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular yiliga 1,9 million tonnagacha chiqindini qayta ishlash va qariyb 635 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi 500 ta yangi ish o‘rni yaratish, 158 million kub metrgacha tabiiy gazni tejash va issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga taxminan 316 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
Shunday qilib, chiqindilardan energetik foydalanish sohasida jami 11 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ularning joriy etilishi chiqindilarni boshqarish bo‘yicha zamonaviy tizimni shakllantirish, qayta ishlashni kengaytirish va resurslardan oqilona foydalanishda muhim qadam bo‘ladi. Mahalliylashtirish darajasini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. "Green University," Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda soha uchun 1000 nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Loyihalarni ko‘rib chiqish yakunida Prezidentimiz ularni amalga oshirishni jadallashtirish, chiqindilarni qayta ishlashni yanada rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi ekologik xavfsizlikni oshirish, ko‘mishga yo‘naltiriladigan chiqindilar hajmini kamaytirish, shuningdek, mamlakatda "yashil" energetikani rivojlantirishga xizmat qiladi.
