O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, qurilish, maishiy va boshqa turdagi chiqindilar belgilangan tartibda to‘planishi, tashilishi va joylashtirilishi shart. Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91-moddasiga ko‘ra, qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni oqizish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91-moddasida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi talablarni, shu jumladan ularni to‘plash, tashish, joylashtirish, saqlash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash talablarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Shunday qilib, qurilish chiqindilari, maishiy chiqindilar va boshqa chiqindilarni yo‘l chetlariga, bo‘sh joylarga, umumiy foydalanishdagi hududlarga va buning uchun mo‘ljallanmagan boshqa joylarga tashlash qonunchilikni buzish hisoblanadi va belgilangan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Fuqarolarga chiqindilarni faqat maxsus ajratilgan joylarga tashlash, qurilish chiqindilarini esa ularni olib chiqib ketish va keyinchalik qayta ishlash uchun tegishli vakolat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan tashkilotlarga topshirish tavsiya etiladi.
