22.12.2025
Chiqindi yig'ish maydonlarida - bayram tarovati
2025-12-22
Toshkent shahar hokimining Yangi yil bayramini munosib tarzda kutib olish, aholi o‘rtasida ijobiy kayfiyatni uyg'otish hamda poytaxtimizdagi obyektlarni bayramona ruhda bezatish bo‘yicha bergan topshirig‘iga asosan, “Maxsustrans - ishlab chiqarish boshqarmasi” Davlat unitar korxonasi mazkur ezgu tashabbusni birinchilar qatorida qo‘llab-quvvatladi.
Korxonamiz tasarrufidagi chiqindi yig‘ish maydonchalari hamda maxsus texnikalar Yangi yilga xos bezaklar bilan did va uyg‘unlik asosida bezatilib, poytaxtimiz qiyofasiga o‘zgacha fayz, tarovat va bayramona shukuh bag‘ishlamoqda. Ushbu tashabbus shahar aholisining ko‘tarinki kayfiyatini mustahkamlash, Yangi yil ruhini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Yangi yil arafasida chiqindi yig’ish shoxobchalari shaharliklar uchun yangilangan, saranjom va chindan ham chiroyli ko‘rinishda tayyorlangan. Toza, ozoda, bezatilgan — ular oddiy, ammo muhim haqiqatni eslatadi: bayram madaniyatdan boshlanadi, shaharning qulayligi esa har bir kishining mas’uliyatidan tashkil topadi.
Yangi yil — bu nafaqat chiroqlar va bezaklar, balki biz yashaydigan joyga hurmat ham demakdir. Hatto chiqindi yig‘ish punkti ham ozoda va zamonaviy ko‘rinsa, demak, shahar bayramni to‘g‘ri — tartib, e’tibor va kelajakka g‘amxo‘rlik bilan kutib olayotgan bo‘ladi. Kirib kelayotgan Yangi yil barchamiz uchun tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot, ulkan yutuqlar va ezgu maqsadlar sari muvaffaqiyatli qadamlar yili bo‘lsin. Yangi yil har bir xonadonga quvonch, fayz-baraka va farovonlik olib kelsin!
© 2014-2019 "МАХСУСТРАНС" ДУК

