Avval xabar qilinganidek, qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy yilning 13-iyulidan 21-avgustiga qadar respublika bo‘ylab "Dolzarb 40 kunlik" doirasida sanitariya-tozalash tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlar davomida respublikaning 10 ta hududidagi 24 ta tuman va shaharlarda joylashgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida 32 ta yong‘in holatlari qayd etildi. Tezkor harakat qilish va yong‘in o‘choqlarini bartaraf etish uchun 89 ta maxsus texnika jalb etilgan. Ishlar davomida 23 032 kub metr tuproq va 215 kub metr chuchuk suvdan foydalanildi.
Poligonlar hududida takroriy yong‘inlarning oldini olish maqsadida qo‘shimcha 25 ming kub metrga yaqin tuproq zaxirasi shakllantirildi. Yong‘in o‘choqlari maxsus texnika yordamida siljitildi, tuproq bilan ko‘milib, tekislandi. Ushbu chora-tadbirlar yong‘inning qayta tarqalishining oldini olish va poligonlarda yong‘in xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan. Bugungi kunga qadar poligonlarning umumiy maydoni 1 235 gektardan iborat bo‘lib, 312,7 gektar maydonda chiqindilarni tashish va saqlash joylarini tegishli holatga keltirish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, poligonlarda chiqindilarni belgilangan texnologik talablarga muvofiq joylashtirish, ko‘chirish va zichlash, shuningdek, ularni tuproq bilan izolyatsiya qilish ishlari doimiy ravishda davom ettirilmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlar yong‘in xavfsizligini ta’minlash, poligonlar hududlarini tartibga keltirish va chiqindilar bilan bog‘liq jarayonlarni takomillashtirishga qaratilgan.
