O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini oshirish konsepsiyasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga transport vositalaridan chiqindilar chiqarganlik uchun ta’sir choralarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan. Avtomobil va boshqa transport vositalarining oynalaridan chiqindi tashlash nafaqat hududlarning sanitariya holatini yomonlashtiradi, balki yo‘l bo‘ylari va jamoat joylarida ruxsat etilmagan chiqindixonalarni shakllantirish orqali atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi. Hozirgi vaqtda bunday huquqbuzarliklar uchun quyidagi ma’muriy jarimalar nazarda tutilgan:
jismoniy shaxslar uchun - 375 ming so‘mdan 1 million 125 ming so‘mgacha;
yuridik shaxslar uchun - 1 million 125 ming so‘mdan 1 million 875 ming so‘mgacha.
Mas’uliyatni kuchaytirish ekologik madaniyatni shakllantirish, fuqarolik mas’uliyati darajasini oshirish va tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi buzilishining oldini olishga qaratilgan. Atrof-muhit tozaligi o‘z shahrini, o‘z ko‘chasini, tabiatini hurmat qilishdan boshlanadi. Chiqindilarni transport vositalaridan tashlamang va maxsus jihozlangan axlat yig‘ish joylaridan foydalaning.
