Toshkent shahrida atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda poytaxtimizdagi 206 ta chiqindi to‘plash shoxobchasiga quyosh panellari o‘rnatildi. Ushbu loyiha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi iste’molini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, quyosh panellari tufayli chiqindi to‘plash punktlarida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining uzluksiz ishlashi ta’minlanadi, bu esa chiqindilar bilan bog‘liq qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishni kuchaytiradi. Bu hududlarning sanitariya holatini yaxshilash, shuningdek, shahar aholisi uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratishda muhim omil hisoblanadi.



