Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu huquqbuzarliklar uchun: fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda; mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solish nazarda tutilgan.
Poytaxtda ekologik inspektorlar tomonidan chiqindilarni ruxsatsiz joylashtirish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirlari doimiy ravishda o‘tkazilmoqda. Qonunchilik talablari va obodonlashtirish qoidalarini pisand qilmaydigan fuqarolarga nisbatan tegishli ma’muriy choralar qo‘llaniladi. Atrof-muhit musaffoligini saqlash har birimizning burchimizdir. Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tartib, sanitariya osoyishtaligi va qulay yashash sharoitlarini ta’minlash mumkin.
Hurmatli aholi! Agar siz belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlariga guvoh bo‘lsangiz, bu haqda darhol tegishli xizmatlarga xabar berishingizni so‘raymiz. Sizning faol fuqarolik pozitsiyangiz shahrimizning tozaligi va ekologik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

