Ijtimoiy tarmoqlar, xususan Kun.uz internet nashrida Ohangaron tumanida joylashgan qattiq maishiy chiqindilar poligoni faoliyatiga oid tarqatilgan videomurojaatda poligonda chiqindilar ataylab yoqilayotgani hamda buning natijasida atrof-muhit va aholi salomatligiga zarar yetkazilayotgani haqida asossiz da’volar bildirilgan.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Avvalo, qattiq maishiy chiqindilarni ataylab yoqish poligon faoliyatining texnologik jarayoniga kirmaydi va bunday harakatdan korxona uchun hech qanday iqtisodiy yoki texnologik manfaat mavjud emas. Aksincha, bu maxsus texnikalarning ishlash jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ekologik talablarga zid hisoblanadi hamda korxona uchun qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqaradi. Shu munosabat bilan poligonda chiqindilarni ataylab yoqishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
2026 yil 11–12 iyul kunlari O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududida anomal issiq ob-havo kuzatilib, havo harorati +42°C dan +46°C gacha ko‘tarilgan. Shuningdek, mazkur kunlarda shamol tezligi 3–8 m/s ni tashkil etgan. Yuqori harorat va quruq ob-havo ta’sirida poligondagi chiqindilar qatlamida ichki qizish jarayonlari kuchayib, 2026 yil 11 iyul kuni ayrim nuqtalarda o‘z-o‘zidan tutashish (yong‘in) holati yuzaga kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda yong‘in balandligi 300 metrga yetgani haqida bildirilgan ma’lumotlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Qiyoslash uchun, 300 metr balandlik o‘rtacha 10 (o‘nta) 9 qavatli turar joy binosi balandligiga teng hisoblanadi. Aslida esa, tutashish o‘chog‘ida kuzatilgan alanga balandligi taxminan 50-70 santimetrni tashkil etgan. Ushbu holat internet nashrida tarqatilgan videomurojaatda xam yaqqol aks etgan. Tutashish holati aniqlanishi bilan maxsus texnikalar va mas’ul xodimlar zudlik bilan jalb etildi. Yong‘in o‘choqlari tuproq bilan qoplanib, chiqindilar zichlandi hamda holat o‘sha kunning o‘zida to‘liq bartaraf etildi.
Poligonda chiqindilarni joylashtirish va zichlash ishlari doimiy ravishda ikki 60 tonnalik temir tishli kompaktor yordamida amalga oshiriladi. Mazkur texnikalar ikki smenada uzluksiz faoliyat yuritadi. Ish jarayonini to‘xtatmaslik maqsadida ularga yoqilg‘i maxsus xizmat motorolleri orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri poligon hududiga yetkazib beriladi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda bildirilganidek, poligon hududiga yoqilg‘i chiqindilarni yoqish maqsadida olib kirilayotgani haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Yoqilg‘i faqat maxsus texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.

Kompaktorlar yuqori quvvatli, har biri 60 tonna og‘irlikka ega maxsus texnikalar bo‘lib, o‘rtacha har soatda 60 litrgacha dizel yoqilg‘isini sarflaydi. Ularni poligon hududidan tashqariga chiqarish ortiqcha vaqt va yoqilg‘i sarfiga sabab bo‘ladi. Shu bois mazkur texnikalar faqat texnik nosozlik yuzaga kelganda yoki rejali texnik xizmat ko‘rsatish zarurati tug‘ilgan holatdagina ta’mirlash maydoniga olib chiqiladi.
Bundan tashqari, mazkur texnikalar temir tishli kompaktorlar va zanjirli buldozerlar bo‘lganligi sababli, ularni poligon hududiga tez-tez olib kirish va olib chiqish ichki texnologik yo‘llar qoplamasining shikastlanishiga, qo‘shimcha ekspluatatsiya xarajatlarining yuzaga kelishiga hamda ish jarayonining uzilishiga sabab bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qattiq maishiy chiqindilar tarkibida aholi tomonidan saralanmagan holda turli bosim ostidagi aerozol idishlari (dezodorant, lak, bo‘yoq, maishiy kimyoviy vositalar ballonlari), gaz ballonchalari, yonuvchan suyuqliklar qoldiqlari, erituvchilar hamda boshqa xavfli (tez yonuvchan) chiqindilar ham tashlanadi. Yuqori harorat ta’sirida ushbu chiqindilar ichida kimyoviy reaksiyalar yuz berishi, metan gazining ajralishi hamda o‘z-o‘zidan tutashish holatlari sodir bo‘lishi xalqaro amaliyotda ham uchraydigan tabiiy-texnologik jarayon hisoblanadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlardan farqli ravishda, aholi yashash xonadonlari poligon bilan tutash hududda joylashmagan. Poligon Ohangaron tumanining «Yangihayot» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan bo‘lib, poligondan eng yaqin aholi yashash hududigacha bo‘lgan masofa taxminan 4–5 kilometrni tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, bunday holatlar faqat Ohangaron poligoniga xos emas. So‘nggi vaqtlarda havo haroratining keskin oshishi natijasida qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida o‘z-o‘zidan tutashish holatlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalarida, shuningdek O‘zbekistonning ayrim hududlaridagi poligonlarda ham kuzatilgan. Bu esa mazkur holatlar chiqindilarni ataylab yoqish bilan emas, balki yuqori harorat, chiqindilar tarkibidagi yonuvchan materiallar, biologik parchalanish jarayonida ajralib chiqadigan metan gazi hamda boshqa tabiiy-texnologik omillar ta’sirida yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillaridan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni hamda bu kabi masalalar yuzasidan faqat rasmiy manbalar axborotlariga tayanishni so‘raymiz.
