O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-son Farmoniga muvofiq, 2024-2026-yillarda qattiq maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish va saralash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Ushbu tashabbus aholining ekologik madaniyatini oshirish, ikkilamchi resurslardan samarali foydalanish, chiqindi poligonlariga tashlanadigan chiqindilar hajmini kamaytirish, shuningdek, aholi punktlarining sanitariya-ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida 2024 yil 1 iyulga qadar Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanining ko‘p qavatli uy-joylar joylashgan hududlarida sanitariya jihatidan tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalar bo‘yicha alohida-alohida yig‘ishni tashkil etish rejalashtirilgan.
Aholiga qulaylik yaratish va yangi tizim samaradorligini oshirish maqsadida aholini QR-kod (matritsali shtrix-kod) bilan jihozlangan maxsus chiqindi paketlari bilan bepul ta’minlash loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu chiqindilarni yig‘ish jarayonini nazorat qilishni ta’minlash, fuqarolarning mas’uliyat darajasini oshirish va chiqindilarni boshqarishning zamonaviy raqamli tizimini yaratish imkonini beradi. Chiqindilarni alohida yig‘ish atrof-muhitni asrash, ekologik mas’uliyatli jamiyatni shakllantirish va kelajak avlodlar uchun qulay sharoitlar yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
