Kuni kecha O‘zbekiston Ekologik partiyasida "O‘zbekiston - 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi" mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholining ekologik madaniyatini oshirish va "yashil" iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda tashkilotimiz vakili Ismoil Sagdullayev ishtirok etib, Davlat dasturida mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalar va jamoat joylarini ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, shuningdek, aholida ekologik mas’uliyatli turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘zda tutilganini ta’kidladi. Hududlarni obodonlashtirish, fuqarolarning ekologik savodxonligini oshirish, chiqindilarni alohida yig‘ish madaniyatini rivojlantirish va aholini tabiatni muhofaza qilish tashabbuslariga jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.Belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qulay ekologik muhitni yaratish, aholi turmush sifatini oshirish va "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida ko‘zda tutilgan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

