Ayni kunlarda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi "Maxsustrans" DUK rahbarlari va mutaxassislari Turkiya Respublikasida bo‘lib, chiqindilarni qayta ishlash va muqobil energiya manbalarini olishning zamonaviy texnologiyalari bilan tanishmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Chanoqqal’a shahridagi SUEZ kompaniyasiga tashrif buyurib, qattiq maishiy chiqindilardan biogaz olish va keyinchalik elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Korxona mutaxassislari qo‘llanilayotgan texnologiyalar, ekologik standartlar va chiqindilardan energiya resursi sifatida foydalanish samaradorligi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, "Maxsustrans" DUK vakillari Istanbul shahridagi chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi "İSTAÇ" kompaniyasiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida delegatsiya chiqindilarni qayta ishlash jarayonida bug‘ olish va undan elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanish texnologiyasi bilan tanishdi.
Uchrashuvlar doirasida zamonaviy ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish, aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ushbu sohada innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha tajriba va professional fikr almashildi.
Olingan tajriba va o‘rganilgan texnologiyalar Toshkent shahrida chiqindilarni boshqarish sohasini yanada rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni oshirish va foydali energiya olish uchun chiqindilarni qayta ishlashning zamonaviy usullarini joriy etishga xizmat qiladi.



