Bugun Toshkent shahriga rasmiy tashrif bilan kelgan Bishkek shahar meri Oybek Junushaliyev boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahar hokimligi huzuridagi "Maxsustrans" DUKning "Mirobod-Maxsustrans" avtotransport filialiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlarga korxona faoliyati, uning ishlab chiqarish bazasi, ixtisoslashtirilgan texnikalar parki, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlarini tashkil etish bilan tanishtirildi. Delegatsiya vakillari shahar sanitariya infratuzilmasini saqlashga zamonaviy yondashuvlar, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimi va kommunal xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan batafsil tanishdi.
Ixtisoslashtirilgan texnikalarni modernizatsiya qilish, chiqindilar bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish va kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar, shuningdek, shahar hududlarini obodonlashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va shaharlarni sanitariya jihatidan tozalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashdilar.
Tashrif Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, uy-joy kommunal xo‘jaligi va chiqindilarni boshqarish sohasida ilg‘or tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘ldi.


