Maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari tariflari xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning daromad va xarajatlari, shuningdek, xizmatlarni sifatli va uzluksiz tashkil etish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy asoslangan hisob-kitoblar asosida shakllantiriladi. Tariflarni shakllantirish va qo‘llash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 722-son qarori bilan tartibga solinadi.
Tariflar qanday xarajatlar asosida shakllantiriladi?
Tariflarni hisoblashda xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq quyidagi xarajatlar inobatga olinadi:
- maxsus avtotransport vositalaridan foydalanish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash;
- yoqilg‘i, ehtiyot qismlar va boshqa zarur materiallar xaridi;
- xodimlarning mehnatiga haq to‘lash;
- chiqindilarni yig‘ish, tashish va olib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar;
- xizmatlarni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ishlab chiqarish va ekspluatatsiya xarajatlari. Iqtisodiy jihatdan asoslangan tariflar korxonalarning zarur xarajatlarini qoplash hamda aholiga barqaror va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga xizmat qiladi.
- Nima uchun hududlarda tariflar har xil?
Hududlar o‘rtasidagi tariflar farqi mahalliy sharoitlar va xizmatlarni tashkil etish xususiyatlari bilan bog‘liq. Jumladan, chiqindilar hajmi, tashish masofasi, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarining uzunligi, yo‘l infratuzilmasi, maxsus texnikalar soni va texnik holati, ish haqi hamda boshqa xarajatlar hisobga olinadi. Shu sababli turli hududlarda chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish xarajatlari bir-biridan farq qilishi mumkin. Bu esa tasdiqlanadigan tariflar miqdoriga ta’sir ko‘rsatadi.
Tariflarni ishlab chiqishda inflyatsiya hisobga olinadimi?
Ha. Tariflarni hisoblash va qayta ko‘rib chiqishda xizmatlar tannarxiga ta’sir etuvchi iqtisodiy omillar, jumladan, yoqilg‘i, ehtiyot qismlar, texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va boshqa zarur resurslar narxlarining o‘zgarishi hisobga olinadi. Mazkur xarajatlarning oshishi xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning umumiy xarajatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois tariflarni ko‘rib chiqishda amaldagi iqtisodiy sharoit, xarajatlarning asoslanganligi va korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash zarurati e’tiborga olinadi.
Bunda tariflar faqat inflyatsiya darajasi oshgani sababli avtomatik ravishda o‘zgarmaydi. Ularni o‘zgartirish amaldagi qonunchilik talablari va tegishli iqtisodiy hisob-kitoblar asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Normativ-huquqiy asos O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 722-son qarori.
