Hujjatda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, sanoat chiqindilarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish va aholi uchun sog‘lom atrof-muhitni yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalar belgilangan. Hujjatga ko‘ra, 2030-yilga qadar Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasining ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, radioaktiv chiqindilarni, shuningdek, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz sektori va elektr energetikasi korxonalarida hosil bo‘ladigan I-IV xavflilik darajasidagi kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini Chiqindilar tasniflash katalogiga muvofiq 20 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayta ishlashga yaroqsiz xavfli chiqindilarni xavfsiz va minimal hajmda joylashtirish mexanizmlarini to‘liq joriy etish, ixtisoslashtirilgan obyektlarda saqlanayotgan chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, ularni hosil bo‘lish manbalari, hajmi, tarkibi va joylashtirish joylari bo‘yicha tasniflagan holda davlat hisobini yuritish belgilandi. Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasi asosida chiqindilar bilan ishlash va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi hududiy boshqarmalar bilan kelishilgan yillik rejalarni ishlab chiqadilar. Shu bilan birga, ularga chiqindilar hosil bo‘lish hajmini kamaytirish, ularni qayta ishlash ulushini oshirish, shuningdek, chiqindilarni zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mish uchun faqat tegishli vakolatlarga, zarur infratuzilmaga va ijobiy ekologik ekspertiza xulosasiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga topshirish majburiyati yuklatiladi.
Agar tashkilotlar zarur vakolatlar va tegishli infratuzilmaga ega bo‘lsa, ularga qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rsatilgan ishlarni mustaqil ravishda amalga oshirishga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab bunday tashkilotlar kalendar yil yakunlari bo‘yicha statistik hisobotlarni shakllantirishi va har chorak yakunlanganidan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay Agentlikning axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritishi shart. Ushbu talablarning bajarilishini nazorat qilish Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi - Ekopolis tomonidan amalga oshiriladi.
Xavfli va radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni samarali tashkil etish maqsadida mamlakatimizda bir qator institutsional o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan. Xususan, Agentlik huzurida davlat muassasasi shaklida Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi. Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi o‘z funksiyalari, huquq va majburiyatlarini saqlab qolgan holda Agentlik tizimiga o‘tkazildi.
Uran merosi obyektlarini ekologik reabilitatsiya qilish va ularda barqaror radioekologik holatni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi maxsus vakolatli organ (tartibga soluvchi), Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi esa operator etib belgilandi. Foydalanishdan chiqarilgan barcha ixtisoslashtirilgan obyektlar (chiqindilarni saqlash maydonlari va inshootlari) ularni ekologik reabilitatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy mablag‘lar bilan birga Agentlik tasarrufiga bepul o‘tkaziladi.
Bunda, Agentlik uchun alohida budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i ochiladi va unga Direksiyaning xo‘jalik faoliyatidan olingan sof foydasining 50 foizi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan obyektlarni o‘tkazuvchi tashkilotlar tomonidan rekultivatsiya qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar obyektlarni tiklash va ularning uzoq muddatli monitoringini amalga oshirish uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, Agentlik tasarrufidagi sobiq uran konlari va xavfli sanoat chiqindilarini saqlash obyektlari joylashgan yer uchastkalarini soliq solinmaydigan yerlar toifasiga kiritish nazarda tutilmoqda.
Qarorda raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvarga qadar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan maxsus axborot tizimi ishlab chiqiladi. Idoralararo integratsiya platformasi orqali ushbu tizim vazirlik va idoralarning axborot platformalari bilan integratsiya qilinadi, bu esa xavfli chiqindilarning raqamli pasportini yaratish hamda I-III xavflilik darajasiga ega har bir tonna chiqindi hosil bo‘lgan joydan to utilizatsiya obyektigacha real vaqt rejimida monitoringni ta’minlash imkonini beradi.
