Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida "Nol chiqindi" tamoyili asosida "yashil iqtisodiyot" o‘sishiga ko‘maklashish maqsadida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha turli uchrashuvlar tashkil etildi.
Xususan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi vakillari yirik xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar rahbarlari ishtirokida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi, ularda Markaziy Osiyo mamlakatlari va xorijiy davlatlarning chiqindilarni boshqarish sohasidagi qo‘shma chora-tadbirlarining ahamiyati ta’kidlandi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov, Saudiya Arabistonining "VISION INTERNATIONAL INVESTMENT COMPANY" kompaniyasi prezidenti Omar Almidani va Fransiyaning "SUEZ INTERNATIONAL" kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Silver Delone niyatlar to‘g‘risidagi bitimni (Head of Terms) imzoladilar.
Ushbu loyiha xavfli chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlikni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 78 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 10 mingdan ortiq delegat va ishtirokchilarni birlashtirgan forum tadbirning xalqaro nufuzi ortib borayotgani, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchi mustahkamlanayotganini ko‘rsatuvchi muhim maydonga aylandi.

