O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 4-yalpi majlisida "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimi samaradorligini oshirish, ularni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Yig‘ilish davomida to‘lov intizomini mustahkamlash ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, sanitar tozalash tashkilotlarining barqaror ishlashini ta’minlash va sohani modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Aholi punktlarining sanitariya osoyishtaligini saqlash va ekologik vaziyatni yaxshilashning muhim sharti bo‘lgan iste’molchilarning xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda chiqindilarni boshqarishning zamonaviy tizimini yanada rivojlantirish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, tozalik va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

