Ertaga, 26-fevral kuni O‘zbekistonda transportning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik toza transport turlarini ommalashtirishga qaratilgan navbatdagi "Avtomobilsiz kun" ekologik aksiyasi bo‘lib o‘tadi. Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi 37-sonli qaroriga muvofiq o‘tkaziladi va har oyning to‘rtinchi chorshanbasida tashkil etiladi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarni kamaytirish, shaharlarda shovqin darajasini pasaytirish va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishdan iborat. Ushbu kunda davlat tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga, shuningdek, mamlakatning barcha aholisiga imkon qadar shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishdan voz kechish va jamoat transporti, velosiped, piyoda sayr qilish va boshqa ekologik xavfsiz transport vositalaridan foydalanishni afzal ko‘rish tavsiya etiladi.
