2025-yil 15-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini oshirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjat fuqarolarda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish, jamiyatning ekologik mas’uliyatini oshirish va ekologik turmush tarzini rivojlantirishga qaratilgan.Konsepsiya doirasida quyidagi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan: aholining ekologik savodxonligini oshirish;chiqindilarni alohida yig‘ish madaniyatini shakllantirish;tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;fuqarolarning ekologik aksiyalar va tashabbuslardagi ishtirokini kengaytirish;bolalar va yoshlar o‘rtasida ekologik ongni tarbiyalash;yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish tamoyillarini ommalashtirish.
Ekologik ta’limni rivojlantirish, atrof-muhit holati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va tabiatni asrashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Konsepsiyani amalga oshirish aholining ekologik madaniyati darajasini oshirish, mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilash va kelajak avlodlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
