14.11.2025
Aholiga murojaat!!!
2025-11-11
Xabaringiz bor, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 2025-yil 7-martdagi 1044-sonli Qonuniga asosan chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari boʻyicha toʻlov intizomini kuchaytirish maqsadida yangi tartib joriy etilgan. Unga koʻra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 5-noyabr kuni Toshkent shahri bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan qariyb 2 mlrd 239 mln so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 25 ming 121 ta abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqamidan “SMS” xabarnoma orqali ogohlantirildi. Ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmagan 6 ming ta abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga bugundan vaqtincha cheklov joriy etildi. Ayni paytda Toshkent shahri kesimida chiqindi xizmatlaridan jami 582 mln so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik mavjud.
Eslatib o‘tamiz, mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi.
Maʼlumot o‘rnida: ushbu tartib 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025-yilning 1-iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5-noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda. Sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi!
Mazkur tartib joriy yilning dekabr oyidan boshlab respublikaning qolgan hududlarida ham joriy etiladi.
© 2014-2019 "МАХСУСТРАНС" ДУК

