2023 yilda qurilish chiqindilari poligonlarini qurish uchun davlat byudjetidan qariyb 28 milliard so‘m, shuningdek, tibbiy chiqindilarni zararsizlantirish uchastkalarini tashkil etish uchun 50 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Tabiat resurslari vazirligi mas’ul xodimi Jamshid Ishchanov ma’lum qildi. Bundan tashqari, 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan tasdiqlangan manzilli dasturlar doirasida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan, jumladan:
- 29 ta qattiq maishiy chiqindilar poligonini rekultivatsiya qilish;
- 437 ta chiqindi to‘plash punktini qurish;
- 26 ta qurilish chiqindilari poligonlarini tashkil etish;
- ijtimoiy soha obyektlari uchun 18 867 dona chiqindi konteynerlarini xarid qilish;
- 38 ta qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish;
- tibbiy chiqindilarni zararsizlantirish bo‘yicha 60 ta uchastka tashkil etish va saralash uskunalarini o‘rnatish.
Umuman olganda, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun 1,1 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ekologik xavfsizlikni oshirish va chiqindilarni boshqarishning zamonaviy tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
