"Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish va kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni (PF-56-son, 24.03.2025-y.) qabul qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi, xususan: 2030 yilga qadar mavjud qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini 50 foizga qisqartirish; hosil bo‘ladigan chiqindilarni iloji boricha qayta ishlash va poligonlarga yo‘naltirishni kamaytirish, shuningdek, sohaga sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish.
2026-yildan boshlab chiqindi poligonlari Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tashkil etiladi. Bundan tashqari, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tizimida poligonlar hududida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ularning ishlash muddati 30 yilni tashkil etadi.
