O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida tibbiyot chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik talablarining bir qator buzilishlari aniqlangan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiyot chiqindilarining qariyb 15 foizi xavfli hisoblanadi. Bunday chiqindilar bilan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish turli kasalliklarning tarqalishiga, zaharlanishga va atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelishi mumkin. O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ayrim tibbiyot muassasalarida xavfli tibbiy chiqindilar maishiy chiqindilar bilan aralashib, poligonlarga olib chiqib ketilgani yoki belgilanmagan joylarga tashlangani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-iyuldagi PQ-263-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida AQSHning "SAYAR LLC" kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 115 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi "Sayar green" xorijiy korxonasi tashkil etildi. № Biroq tibbiyot muassasalari tomonidan xavfli tibbiy chiqindilar belgilangan tartibda investorga topshirilmayotganligi sababli mazkur mexanizm to‘liq hajmda ishlamayapti. Xususan, Toshkent shahrida o‘rnatilgan ikkita maxsus qurilmaning umumiy kunlik quvvati 12 tonnani tashkil etsa-da, amalda ularga kuniga o‘rtacha 3 tonna tibbiy chiqindilar kelib tushmoqda. Natijada uskunalar bor-yo‘g‘i 25 foiz quvvatda ishlatilmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, "Maxsustrans" DUK tibbiyot muassasalariga murojaat qilib, tibbiyot chiqindilari bilan ishlashda amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raydi. Xususan, tibbiy chiqindilarni maishiy chiqindilar bilan aralashtirmaslik, maishiy chiqindilar uchun mo‘ljallangan konteynerlarga tashlamaslik, shuningdek, ularni oddiy maishiy chiqindilar tarkibida poligonlarga olib chiqib ketmaslik.
Tibbiyot chiqindilari, ayniqsa xavfli va yuqumli chiqindilar alohida to‘planishi, saqlanishi, tashilishi va belgilangan tartibda maxsus utilizatsiya qilinishi kerak. Bundan tashqari, tibbiyot muassasalari tibbiy chiqindilarni turlari bo‘yicha saralash, ularni belgilangan talablarga muvofiq maxsus idishlarga yig‘ishni ta’minlashi, shuningdek, belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarga topshirish jarayonini nazoratga olishi lozim.
