Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Mamlakat ravnaqi va aholi salomatligi uchun muhim bo‘lgan ushbu sohada zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. So‘nggi uch yilda barcha manbalar hisobidan 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Chiqindi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun 1 ming 200 ta yangi texnika xarid qilindi. Mahallalarda chiqindi yig‘ish maydonchalari qurildi. Yig‘ish va tashish tizimi yaxshilangani tufayli soha ikkilamchi xomashyo manbayiga aylandi. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan soha tadbirkorlik uchun ochildi, qulay biznes muhiti yaratildi. Xususan, sanitar tozalash va qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi. Xorijdan keltiriladigan texnika va uskunalar bojxona bojidan ozod qilingan. Natijada 200 ga yaqin sanitar tozalash va 290 ta qayta ishlash korxonalari tashkil etildi.
Taqdimotda mutasaddilar loyihalar ijrosi va istiqboldagi rejalar yuzasidan axborot berdi. Mamlakatda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindilar hosil bo‘lsa-da, ularni qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Oxirgi yillardagi loyihalar tufayli bu ko‘rsatkich 5 foizga yetdi. Chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar oltita hududda shunday zavodlar qurmoqda. Davlat nafaqat chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun haq to‘lash, balki ishlab chiqarilgan energiyani ham sotib olish majburiyatini oladi. Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindilarini yoqib, issiqlik energiyasi olish bo‘yicha ikkita korxona ishga tushirildi. Samarqandda yana ikkita, qolgan hududlarda bittadan shunday zavod qurish rejalashtirilgan.
Maishiy chiqindilarning to‘rtdan bir qismini qog‘oz, plastmassa, rezina, shisha, to‘qimachilik chiqindilari tashkil etadi. Ularni qayta ishlash orqali 1 trillion so‘mlik xomashyo olish mumkin. Bundan tashqari, mamlakatda qurilish, kimyoviy, elektron, texnik chiqindilar va sanoat moylarini qayta ishlash sohasida ham salmoqli salohiyat mavjud. Chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati aholi talabiga javob berishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois chiqindi tashish mashinalarining har bir mahallaga yetib borish vaqti va yo‘nalishini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi. Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Jamiyatda ekologik madaniyatni bog‘cha va maktablardan boshlab shakllantirish muhimligi qayd etildi.
