2026-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida umumiy qiymati 630 million AQSH dollari bo‘lgan yana 5 ta chiqindi yoqish zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Ayni paytda loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) ishlab chiqilmoqda va chiqindilarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 1,9 million tonna qattiq maishiy chiqindilar yoqiladi, 635 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bundan tashqari, Samarqand shahrida Turkiyaning "MT Makina" kompaniyasi bilan birgalikda chiqindilarni saralash va issiqxona gazlarini qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada kuniga 500 tonna chiqindi saralanib, 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar ishtirokida qiymati 117 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda, uning doirasida yiliga 960 ming tonna kul cho‘kmasi qayta ishlanadi. Kelgusida hosil bo‘lgan kul qoldig‘idan qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
