Hozirgi kunda eskirgan elektron texnika, jumladan, kompyuterlar, maishiy texnika va boshqa elektron jihozlarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash jiddiy global ekologik muammolardan biri hisoblanadi. MDH davlatlari orasida elektron chiqindilarni qayta ishlash korxonalari faqat to‘rtta davlatda - Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainada faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, qayta ishlashning eng katta ulushi Belarusga to‘g‘ri keladi, u yerda to‘plangan elektron chiqindilarning taxminan 33 foizi qayta ishlanadi. MDHning boshqa mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 5-10% dan oshmaydi, ba’zi hollarda esa deyarli nolga teng.
Batareyalarni alohida yig‘ish va utilizatsiya qilish muammosi ham alohida e’tiborni talab qiladi. Ular tarkibida atrof-muhit uchun jiddiy xavf tug‘diradigan zaharli moddalar va og‘ir metallar mavjud. Tabiatga chiqib ketgan bitta batareya 20 kvadrat metrdan ortiq tuproqni yoki 400 litrgacha suvni ifloslantirib, ekotizimga sezilarli zarar yetkazishi mumkin. Shu munosabat bilan elektron chiqindilarni alohida yig‘ish tizimini rivojlantirish, zamonaviy qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish va aholining ekologik xabardorligini oshirish juda muhimdir.
