Toshkent shahrida sanitariya holatini doimiy nazorat qilish maqsadida bugungi kunga qadar poytaxtdagi 520 ta chiqindi yig‘ish maydonchasida kuzatuv kameralarini o‘rnatish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. O‘rnatilgan kameralar boshqarma huzuridagi Situatsion markazga ulangan bo‘lib, maydonchalardagi holat 24/7 real vaqt rejimida kuzatib boriladi.
Mazkur tizim orqali chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, maydonchalarning sanitariya holatini nazorat qilish, noqonuniy chiqindi tashlash holatlarining oldini olish hamda yuzaga keladigan muammolarga tezkor munosabat bildirish imkoniyati yaratilmoqda. Kelgusida videokuzatuv tizimini Toshkent shahridagi boshqa chiqindi yig‘ish maydonchalarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Bu esa chiqindilarni boshqarish jarayonining shaffofligini oshirish, shahar ozodaligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


