Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida "Ekologik munosabatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari" mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida aholining ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, shuningdek, ta’lim tizimiga ekologik ta’limni joriy etishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar ta’lim muassasalarida yosh avlodni tabiat va tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga o‘rgatishga qaratilgan ekologik va ekologik-pedagogik fanlarni o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muhokamada "Maxsustrans" DUK boshqarma boshlig‘i maslahatchisi I.Sagdullayev ishtirok etib, mavzu yuzasidan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. U o‘z nutqida ekologik ma’rifatni yanada rivojlantirish, fuqarolarning ekologik mas’uliyati darajasini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida davlat organlari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Majlis ishtirokchilari ekologik ong va madaniyatni shakllantirish zamonaviy jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib, mamlakatning ekologik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar.

