Тариф: С НДС 8400 сум
image 2025-11-19

Ekologik islohotlarning yangi bosqichi

Davlatimiz rahbari "Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonni  imzoladi. Farmonga muvofiq:

- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi;

- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi lavozimi kiritiladi;

- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi “Chiqindidan holi hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat” va “Bio meros” umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi;

- Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi;

- Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori (https://president.uz/oz/lists/view/8690) qabul qilindi. Unda belgilanganidek:

- Ekologiya qo‘mitasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi” davlat muassasasi negizida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi;

- 2026-yil 1-sentyabrga qadar Yagona ekologik onlayn platforma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

- atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari 2026-yil 1-martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatishi va ularni Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilishi shart bo‘ladi, aks holda 2026 yil 1-martdan boshlab ushbu korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlari besh baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi;

- 2026-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi;

- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi;

- Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi;

- 2026-yil 1-apreldan boshlab, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi.

Shunga ko'ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Aziz Abdukaxarovich Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri lavozimidan ozod etildi.