O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.Yig‘ilishda ekologik vaziyat barqarorligini ta’minlash, jumladan, chiqindilarni qayta ishlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Dastlab Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha Maxsus komissiyaning hisoboti eshitildi. Havoning ifloslanishiga qarshi kurashish, ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi kunlarda mamlakatimiz hududi uzra sovuq antitsiklon ta’siri kuchaymoqda. Natijada atmosfera bosimi ko‘tariladi, harorat pasayadi va inversion hodisalar kuchayadi. Bunday sharoitda mayda zarrachalar yuqoriga ko‘tarilmaydi va havoning pastki qatlamlarida to‘planadi. Qayd etilganidek, meteorologik sharoitlar tufayli atmosferaning tabiiy tozalanishi sekinlashmoqda.Havo ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va ularning faoliyatini cheklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, issiqxona xo‘jaliklari, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi ob’ektlar tekshirildi; ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish choralari amalga oshirildi. Reydlar va profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan tartibda davom etmoqda. Prezidentimiz bu tadbirlarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham davom ettirib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish, havo sifatiga ta’sir etuvchi barcha omillarni qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Oltita hududda - Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 933 million dollarlik maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari boshlangan bo‘lsa-da, boshqa hududlarda bu borada jiddiy siljishlar kuzatilmayapti.
Boshlangan loyihalarda investorlarni yo‘l, elektr energiyasi, suv ta’minoti kabi infratuzilma bilan ta’minlash ishlari talab darajasida tashkil etilmagan. Viloyat hokimliklari va Milliy ekologiya qo‘mitasiga mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, kelgusi yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. 2030 yilgacha qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon faoliyati to‘xtatilib, rekultivatsiya qilinib, 243 gektar yer tabiatga qaytarildi. Lekin, mavjud 132 ta poligonning aksariyatida himoya to‘siqlari, "yashil belbog‘lar," suv ta’minoti va ekologik xavfsizlik obyektlari haligacha mavjud emas.
– Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini ekologik xavfsiz hududlarga aylantirish zarur. Avvalo, bu sohada odamlarni rozi qilishimiz kerak. Bu mavzuga nafaqat chiqindilarni boshqarish, balki sanoat, energetika va ekologik madaniyat bilan chambarchas bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish kerak, – dedi Prezident. Mutasaddilarga rekultivatsiya qilingan 47 ta poligon yerlarini xo‘jalik oborotiga kiritish, u yerda "yashil hududlar" tashkil etish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Barcha mavjud poligonlar atrofida "yashil belbog‘"ni shakllantirish, obyektlarning yarmida daraxt va ko‘chatlar ekishni bahorda, ikkinchi yarmida kuzda yakunlash zarur. 2026-yildan boshlab bu ishlar uchun har yili byudjetdan kamida 150 milliard so‘m ajratiladi.
So‘nggi ikki yilda ilgari qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich yetarli emasligi qayd etildi. Sanoat va xavfli chiqindilar hosil bo‘ladigan va saqlanadigan joylarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida bittadan loyiha kiritish topshirildi. Shuningdek, xavfli chiqindilarni nazorat qilish bo‘yicha yagona axborot-monitoring platformasini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi. Yig‘ilishda aholini imtiyozli shartlarda suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda kamchiliklar saqlanib qolayotgani, talon-toroj holatlari qayd etilayotgani ta’kidlandi. "Hududgazta’minot" tizimiga bunday holatlarni bartaraf etib, har bir tuman kesimida ishlab, aholi muammolarini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Eskirgan elektr tarmoqlari va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan transformatorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 1800 kilometr elektr tarmoqlari sifatsiz ta’mirlangani aniqlandi. Bosh prokuraturaga ushbu holatlarni o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash, "Energoinspeksiya"ga esa nazorat faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida qayta tashkil etib, favqulodda rejimda ishlashga o‘tish topshirildi.
Qish mavsumida aholiga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish zarurligi ta’kidlandi. Yong‘in xavfsizligi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatimizdagi 44 mingdan ziyod ko‘p qavatli binolarning yong‘in xavfsizligi holatini to‘liq o‘rganib, favqulodda vaziyatlarga tayyor turish tizimi bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Qonun hujjatlariga binolarning tashqi devorlarida tez alangalanuvchi materiallardan foydalanishni taqiqlovchi qat’iy talablarni kiritish zarurligi alohida ta’kidlandi. Shu bois ko‘p qavatli uylarda qurilish normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarini xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish, mutasaddilarning mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Kommunal xizmatlar ishini muvofiqlashtirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan mavsum tajribasi asosida respublika bo‘yicha tumanlar kesimida ishchi guruhlar tuzib, barcha kommunal xizmatlar va boshqaruv servis kompaniyalarini FVV dispetcherlik tizimiga integratsiya qilish, uyma-uy borib profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


