24.09.2025
Tuman filillarida debitor qarzdorliklarni undirish bo'yicha inspektorlarga topshiriq berildi. Toshkent shahrida chiqindilarni boshqarish tizimi faoliyatiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi. Mazkur tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda ekologiya sohasidagi faollar ishtirok etdilar.
Tashrif doirasida dastlab ishtirokchilar Toshkent shahar Raqamli rivojlanish departamentida bo‘lib, poytaxtda chiqindilarni boshqarish bo‘yicha amalga oshirilgan raqamli loyihalar bilan tanishdilar. Ushbu loyihalar yordamida chiqindilarni yig‘ish, tashish va utilizatsiya qilish jarayonlari raqamlashtirilgan bo‘lib, mazkur tizim monitorlar orqali namoyish etildi hamda ishtirokchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh berildi.
Shuningdek, chiqindilar eng ko‘p to‘planadigan hududlarni aniqlash, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlash, shuningdek, axborot planshetlari orqali jarayonlarni monitoring qilish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari keyingi manzil sifatida yagona dizaynda qurilayotgan chiqindi yig‘ish punktlarida bo‘lishdi. Bu yerda yangilangan chiqindi konteynerlari, foydalanilgan batareyka va chiroqlar uchun alohida qutilar, shuningdek, maxsus texnikaning ish tartibi bilan tanishtirildi. Bundan tashqari, barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lgan namunaviy yashash hududi jurnalistlar e’tiboriga havola etildi.
Tashrif davomida "Yunusobod tumanidagi chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish" filialining faoliyati ham namoyish etildi. Mazkur filialga kuniga 800–900 tonnagacha maishiy chiqindilar 150–200 dona maxsus texnikada yetkaziladi. Korxonaning kunlik yuklash quvvati 1250–1400 tonnani tashkil etadi. Chiqindilar 17 tonnalik silindr shaklidagi konteynerlarda "Markazlashgan yuk tashish avtokolonnasi" bo‘limi maxsus texnikalari orqali har kuni o‘rtacha 47–50 marotaba qatnov orqali Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan "Shahar chiqindixonasi" poligoniga olib boriladi.
Press-tur yakunida ishtirokchilar ushbu chiqindilar poligoniga tashrif buyurishdi. 2024-yilning uchinchi choragida qurilishi yakunlangan mazkur poligon o‘zining zamonaviy infratuzilmasi bilan OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi. Poligonning umumiy maydoni, yer qazish ishlarida qo‘llanilgan xavfsizlik choralari, yer osti suvlari ifloslanishining oldini olish maqsadida yotqizilgan himoya qatlamlari, chiqindilarni nazorat qilish tizimlari va metan gazni utilizatsiya qilish uchun o‘rnatilgan maxsus quvurlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Natijada, press-tur ishtirokchilarida “Maxsustrans – Ishlab chiqarish boshqarmasi” davlat korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar borasida aniq va keng qamrovli tasavvur shakllandi.
© 2014-2019 "МАХСУСТРАНС" ДУК