26.09.2025
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.Unda bugungi kunda Konstitutsiyada belgilangan fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlash uchun ekologiya sohasida, xususan, chiqindilarni boshqarish tizimini isloh qilish, tizimda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, hududlarni sanitar tozalash bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, 2019–2028-yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi asosida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni esa sohadagi islohotlarni amalga oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ta'kidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunini yangi tahrirda qabul qilinishi orqali:
— chiqindilarni boshqarish sohasidagi qonun hujjatlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish;
— sanitar tozalash korxonalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash hamda ular tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirish;
— “Oʻzbekiston-2030” strategiyasiga asosan mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining 50 foizga qisqartirish maqsadli koʻrsatkichiga erishish;
— 2025-2026-yillarda respublikaning 6 ta hududida maishiy chiqindilarni yoqish hisobiga energiya resurslari ishlab chiqaruvchi loyihalarni amalga oshirish choralari koʻrish;
— bugungi kunda respublikamizda yiliga 1,8 million tonna hosil boʻladigan va atrof-muxitni kanserogen moddalar bilan ifloslantirayotgan plastik chiqindilarini samarali yigʻish tizimini joriy etish;
— zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali sohani raqamlashtirish ishlari davom ettirish kabi sohadagi qator masalalar samarali yechim topadi.
© 2014-2019 "МАХСУСТРАНС" ДУК