Тариф: С НДС 8400 сум
image 2025-12-24

Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “chiqindi yig‘ish maydonchalarida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilmoqda” mazmunidagi videomateriallar tarqalayotgani munosabati bilan “Maxsustrans – ishlab chiqarish boshqarmasi” Davlat korxonasi rasmiy izoh bildiradi.

Mazkur videoda aks etgan chiqindi yig‘ish maydonchasi Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida joylashgan bo‘lib, u hozirda xususiy sanitar korxona tasarrufida hisoblanadi. Ma’lum qilamizki, ushbu hududga 2021 yilga qadar “Maxsustrans – ishlab chiqarish boshqarmasi” Davlat korxonasi shartnoma asosida xizmat ko‘rsatgan hamda chiqindi yig‘ish maydonchasi “Maxsustrans” yozuvli konteynerlar bilan ta’minlangan.

Biroq, 2021 yil yanvar oyidan boshlab mazkur hudud belgilangan tartibda Zangiota obodon sanitar korxonasi tasarrufiga o‘tkazilgan. Hozirgi kunda ushbu hududdagi chiqindi yig‘ish jarayonlari va unga tegishli maydonchalar “Maxsustrans – ishlab chiqarish boshqarmasi” Davlat korxonasi faoliyat doirasiga kirmaydi.

Shu bilan birga, “Maxsustrans – ishlab chiqarish boshqarmasi” Davlat korxonasiga qarashli chiqindi yig‘ish maydonchalarida videoda tasvirlangan holatlarga, xususan, korrupsion ko‘rinishdagi har qanday qonunbuzarliklarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Korxonada xizmat ko‘rsatish jarayonlari qat’iy nazorat ostida bo‘lib, amaldagi qonunchilik va shaffoflik tamoyillariga to‘liq rioya etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy axborot va videomateriallarni tarqatishda ularning mazmuni, manbasi va hududiy mansubligiga aniqlik kiritilgan holda, asosli va xolis izohlar berilishini so‘rab qolamiz. Chunki biryoqlama yoki noto‘liq axborot jamoatchilik orasida noto‘g‘ri tushuncha va asossiz xulosalar shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

“Maxsustrans – ishlab chiqarish boshqarmasi” Davlat korxonasi o‘z faoliyatida ochiqlik, qonuniylik va jamoatchilik bilan samarali muloqotni ustuvor vazifa deb biladi hamda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga belgilangan tartibda munosabat bildirib boradi.